9-modda. Yerga egalik qilish va yerdan foydalanish
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida (604-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Amalda
Dehqon xoʻjaligining yerga egalik qilish va yerdan foydalanish sohasidagi huquq va majburiyatlari qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Dehqon xoʻjaligiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga berilgan yer uchastkalari xususiylashtirilishi va oldi-sotdi, garov, hadya, ayirboshlash obyekti boʻlishi mumkin emas. Yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi kredit olish uchun garovga qoʻyilishi mumkin.
Dehqon xoʻjaligiga berilgan yer uchastkasi boʻlinishi mumkin emas.
Yer uchastkasining oʻlchami va chegaralari faqat dehqon xoʻjaligi boshligʻining roziligi bilan oʻzgartirilishi mumkin.
Dehqon xoʻjaligi boshligʻi vafot etgan taqdirda, yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi shu xoʻjalik aʼzolarining oʻzaro kelishuvi asosida, dehqon xoʻjaligi faoliyatini davom ettirish istagida boʻlgan xoʻjalik aʼzolaridan biriga meros boʻyicha oʻtadi. Dehqon xoʻjaligi boshligʻi mehnat qobiliyatini toʻla yoʻqotgan taqdirda, yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanish huquqi xoʻjalik aʼzolaridan biriga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlarda topshiriladi.
Dehqon xoʻjaligining yer uchastkasini davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olib qoʻyishga qonunda nazarda tutilgan hollarda, faqat boshqa teng qimmatli yer uchastkasi berilib, dov-daraxtlarning, buzilayotgan binolar va inshootlarning bozor qiymati qoplangandan keyin yoxud ular boshqa joyga koʻchirilgandan yoki oʻzga binolar va inshootlar qurilgandan keyin hamda boshqa barcha zararlarning (boy berilgan foydani qoʻshgan holda) oʻrni qonun hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda toʻla hajmda qoplangandan keyin yoʻl qoʻyiladi.
Dehqon xoʻjaliklari oʻziga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga berilgan yer uchastkalarini yoki ushbu yer uchastkalarining bir qismini qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslarga vaqtincha foydalanishga berishi mumkin. Yer uchastkasidan vaqtincha foydalanish tartibi taraflarning kelishuvi asosida belgilanadi. Bunda dehqon xoʻjaliklarining ushbu yer uchastkalariga boʻlgan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi saqlanib qoladi.
