8-modda. Dehqon xoʻjaliklariga yer berish shartlari
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida (604-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Amalda
Oilali va qishloq joylarda kamida uch yil mobaynida yashab turgan fuqarolarga, shuningdek tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tuman (shahar) kengashining birgalikda berilgan tavsiyasiga ega boʻlgan yosh fuqarolarga dehqon xoʻjaligi yuritish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga yer uchastkasi sugʻoriladigan yerlarda 0,35 gektargacha va sugʻorilmaydigan (lalmikor) yerlarda 0,5 gektargacha oʻlchamda, choʻl va sahro mintaqasida esa sugʻorilmaydigan yaylovlardan 1 gektargacha oʻlchamda beriladi. Qishloq joylarda kamida uch yil yashab turganlik toʻgʻrisidagi talab yangi sugʻoriladigan yer massivlari uchun qoʻllanilmaydi. Bunda dehqon xoʻjaligi yuritish uchun beriladigan yer uchastkasining oʻlchami yakka tartibda uy-joy qurish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga ilgari berilgan yoki beriladigan yer uchastkasini hisobga olgan holda aniqlanadi.
Dehqon xoʻjaligi yuritish uchun yer uchastkalari imoratlar va inshootlar qurish huquqisiz beriladi. Mazkur qoida yakka tartibda uy-joy qurish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga ilgari berilgan yoki beriladigan yer uchastkalariga tatbiq etilmaydi.
Fuqarolarga dehqon xoʻjaligi yuritish uchun 0,06 gektar doirasida yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi kimoshdi savdosi asosida realizatsiya qilinishi mumkin.
Dehqon xoʻjaligiga ajratilgan yerning chegaralari naturada (joyning oʻzida) yer tuzish xizmati organlari tomonidan mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan rasmiylashtiriladi.
Yer uchastkasidan oqilona va samarali foydalanayotgan dehqon xoʻjaligiga tuman (shahar) hokimining qarori bilan qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish va realizatsiya qilish, ozuqa yetishtirishni tashkil etish, shuningdek yaylov yaratish uchun qisqa muddatli ijaraga qoʻshimcha ravishda yer uchastkalari berilishi mumkin.
Dehqon xoʻjaligi yuritish uchun fuqarolarga yer uchastkalarini berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
