6-modda. Dehqon xoʻjaligini davlat roʻyxatiga olish
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida (604-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Amalda
Dehqon xoʻjaligini davlat roʻyxatiga olish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Dehqon xoʻjaligi boshligʻiga Yer uchastkasiga umrbod egalik qilish huquqini beruvchi davlat hujjati hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazilganlik toʻgʻrisidagi belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi.
Agar davlat roʻyxatiga olish belgilangan muddatda amalga oshirilmagan yoki dehqon xoʻjaligi boshligʻi asossiz deb hisoblaydigan sabablarga koʻra rad etilgan boʻlsa, xoʻjalik boshligʻi sudga murojaat qilishi mumkin.
Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari har bir dehqon xoʻjaligini Xoʻjalik kitobiga kiritib, unda dehqon xoʻjaligining tarkibi, xoʻjalik boshligʻi yoxud uning vazifasini bajaruvchi shaxs, shuningdek xoʻjalikning tashkiliy-huquqiy shakli (yuridik shaxs tashkil etgan holda yoki yuridik shaxs tashkil etmasdan) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qayd etib qoʻyadi.
Dehqon xoʻjaliklarini davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun davlat boji undirilmaydi.
