5-modda. Dehqon xoʻjaligini tashkil etish tartibi
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida (604-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Amalda
Dehqon xoʻjaligi ixtiyoriylik asosida tuziladi hamda fuqaroga belgilangan tartibda yer uchastkasi berilganidan va dehqon xoʻjaligi davlat roʻyxatiga olinganidan keyin tashkil etilgan hisoblanadi.
Dehqon xoʻjaligi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarda va dov-daraxtlar bilan qoplanmagan oʻrmon fondi yerlarida, shuningdek zaxira yerlarda tashkil etiladi.
Dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkasini olishga muhtoj boʻlgan fuqarolar yashash joyidagi tuman (shahar) hokimiga oilasining tarkibini va yer uchastkasining moʻljallangan joyini koʻrsatgan holda ariza beradi.
Tuman (shahar) hokimi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʻrib chiquvchi komissiyaning xulosasi asosida dehqon xoʻjaligini yuritish uchun fuqarolarga yer uchastkalari berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi yoki arizachiga yer uchastkasi berish boʻyicha asoslantirilgan rad javobini yuboradi.
Tuman (shahar) hokimining yer uchastkasi berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga yoki boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga, mansabdor shaxsga shikoyat qilinishi mumkin.
