20-modda. Dehqon xoʻjaligida mehnat
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida (604-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Amalda
Dehqon xoʻjaligining faoliyati xoʻjalik aʼzolarining shaxsiy mehnatiga asoslanadi. Dehqon xoʻjaligidagi muayyan ishni bajarishga boshqa shaxslar mehnat shartnomasi asosida vaqtincha jalb etilishi mumkin.
Dehqon xoʻjaligining aʼzolari dehqon xoʻjaligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga ixtiyoriy ravishda badallar toʻlangan taqdirda davlat ijtimoiy sugʻurtasidan oʻtkazilishi lozim.
Dehqon xoʻjaligining barcha aʼzolari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga badallar toʻlab borayotgan dehqon xoʻjaligi aʼzolarining mehnat faoliyati hisobini dehqon xoʻjaligi boshligʻi yuritadi.
Dehqon xoʻjaligida ishlangan vaqt davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha badallar toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimida mehnat daftarchasini belgilangan tartibda rasmiylashtirgan holda mehnat stajiga qoʻshiladi.
Qishloq xoʻjaligi kooperativida (shirkat xoʻjaligida), boshqa qishloq xoʻjaligi yoki oʻrmon xoʻjaligi korxonasida, muassasasida, tashkilotida ishlayotgan dehqon xoʻjaligi aʼzosining mehnat faoliyati hamda davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha badallar toʻlashi hisobini yuritish tegishincha mazkur kooperativ (shirkat xoʻjaligi), korxona, muassasa va tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.
Dehqon xoʻjaligi aʼzolariga ijtimoiy sugʻurta boʻyicha davlat nafaqalari va pensiyalar tayinlash hamda toʻlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlarda amalga oshiriladi.
