19-modda. Dehqon xoʻjaligining ishlab chiqarish faoliyati
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida (604-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Amalda
Dehqon xoʻjaligi oʻz faoliyati yoʻnalishlarini, ishlab chiqarish tuzilishi va hajmlarini mustaqil ravishda belgilaydi. Dehqon xoʻjaligi qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining qonunlarda taqiqlanmagan har qanday turi, shuningdek qishloq xoʻjaligi mahsulotini qayta ishlash va realizatsiya qilish bilan shugʻullanishga haqli.
Dehqon xoʻjaligi oʻzi yetishtirayotgan va realizatsiya qilayotgan mahsulot sifatiga oid amaldagi normativ va standartlarga, ekologiyaga, sanitariyaga oid hamda qonun hujjatlarida belgilab qoʻyilgan boshqa talab va qoidalarga rioya etishi shart.
Dehqon xoʻjaliklarining xoʻjalik faoliyatiga, shu jumladan ular tomonidan agrotexnika usullarini, yetishtiriladigan mahsulot turlarini tanlashda, uning narxini va uni realizatsiya qilish yoʻnalishlarini aniqlashda davlat organlari va tashkilotlarining hamda boshqa organlar va tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Davlat organlari va tashkilotlarining hamda boshqa organlar va tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining va fuqarolarning gʻayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) natijasida, shuningdek bunday organlar, tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining dehqon xoʻjaligiga nisbatan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan majburiyatlarni lozim darajada bajarmasliklari oqibatida dehqon xoʻjaligiga yetkazilgan zararlar, shu jumladan boy berilgan foyda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanishi kerak.
Yuridik shaxs tariqasida roʻyxatga olingan dehqon xoʻjaligi tashqi iqtisodiy faoliyatni boshqa shakllarda xoʻjalik yurituvchi korxonalar bilan teng shartlarda amalga oshiradi.
