84-modda. Qarzdorning mol-mulkini sotish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Qarzdorning mol-mulki inventarizatsiya qilinganidan va baholanganidan keyin ishonchli shaxs, agar kreditorlar yigʻilishi (qoʻmitasi) tomonidan qarzdorning mol-mulkini sotishning boshqacha tartibi belgilangan boʻlmasa, ushbu mol-mulkni ochiq kimoshdi savdosida sotishga kirishadi.
Qarzdorning mol-mulkini sotish tartibi va muddatlari kreditorlar yigʻilishi (qoʻmitasi) tomonidan maʼqullangan boʻlishi kerak.
Qarzdorning muomala qobiliyati cheklangan mol-mulki faqat yopiq kimoshdi savdosida sotilishi mumkin. Yopiq kimoshdi savdosida qonunga muvofiq mulk huquqida yoki boshqa ashyoviy huquqda mazkur mol-mulkka ega boʻla oladigan shaxslar ishtirok etadilar.
Ishonchli shaxs kimoshdi savdosi tashkilotchisi sifatida ish olib borishi yoki kimoshdi savdosini oʻtkazishni ixtisoslashtirilgan tashkilotga shartnoma asosida topshirishi mumkin. Kimoshdi savdosini oʻtkazayotgan ixtisoslashtirilgan tashkilot qarzdorning yoki ishonchli shaxsning manfaatdor shaxsi boʻlishi mumkin emas.
Birinchi kimoshdi savdosida sotilmay qolgan mol-mulk takroriy kimoshdi savdosiga qoʻyiladi yoki kimoshdi savdosi oʻtkazmay tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi asosida ishonchli shaxs tomonidan realizatsiya qilinadi.
Qarzdorning korxonasini sotish ushbu Qonunning 64-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
