83-modda. Kreditorlarning talablarini qondirish navbati
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Sud xarajatlarini, tashqi boshqaruvchiga, ishonchli shaxsga haq toʻlash bilan bogʻliq xarajatlarni, joriy kommunal va foydalanish toʻlovlarini qoplash, shuningdek qarzdorning tashqi boshqaruv va tugatishga doir ish yuritish jarayonida yuzaga kelgan majburiyatlariga doir talablarni qondirish navbatdan tashqari tarzda amalga oshiriladi.
Budjetga, budjetdan tashqari fondlarga toʻlovlarni hamda ish haqi toʻlash uchun pul mablagʻlari berilishini nazarda tutuvchi toʻlov (ijro) hujjatlari boʻyicha, alimentlarni undirishga doir talablarni qondirish uchun hisobvaraqdan pul mablagʻlarini oʻtkazish yoki berishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari boʻyicha, mualliflik shartnomalari asosida haq toʻlash, shuningdek hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi, xoʻjalik subyektlarining budjetga toʻlovlar boʻyicha hamda mehnatga oid va unga tenglashtirilgan huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan talablar boʻyicha majburiyatlari teng darajada bajarilishini taʼminlovchi talablar birinchi navbatda qondiriladi. Mazkur talablar toʻliq qondirilganidan soʻng ijtimoiy sugʻurta boʻyicha talablar hamda fuqarolarning ularning mol-mulkiga jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik oqibatida yetkazilgan zararni qoplashga doir talablari qondiriladi.
Majburiy sugʻurta boʻyicha talablar, shuningdek banklarning kreditlari va bank kreditlari sugʻurtasi boʻyicha talablar ikkinchi navbatda qondiriladi.
Kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablari uchinchi navbatda qondiriladi.
Kreditorlarning garov bilan taʼminlanmagan talablari toʻrtinchi navbatda qondiriladi.
Aksiyalar egalarining talablari beshinchi navbatda qondiriladi.
Qolgan barcha talablar oltinchi navbatda qondiriladi.
Har qaysi navbat boʻyicha talablar oldingi navbat talablari toʻla-toʻkis bajarilganidan keyin qondiriladi.
Undirib olinayotgan summa bir navbatning barcha talablarini toʻla-toʻkis qondirishga yetarli boʻlmagan taqdirda bu talablar har bir undiruvchi olishi lozim boʻlgan summaga mutanosib ravishda qondiriladi.
Oxirgi toʻlov toʻlanganligi toʻgʻrisida rasmiy matbuotda maxsus xabar eʼlon qilinadi.
Mol-mulk qiymatining kreditorlar talablari qondirilganidan va ish yuritish xarajatlari toʻlanganidan keyingi qoldigʻini tugatilayotgan qarzdor mol-mulkining egasi (egalari) oladi.
