8-modda. Kreditorlar yigʻilishini chaqirish tartibi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Ariza koʻrib chiqish uchun qabul qilinganligi toʻgʻrisida xoʻjalik sudi tomonidan ajrim chiqarilgan paytdan eʼtiboran uch kun ichida kreditorlar yigʻilishi oʻtkaziladigan joy va vaqt haqidagi xabar matbuotda eʼlon qilinadi. Kreditorlarning birinchi yigʻilishi ariza koʻrib chiqish uchun qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi ajrim asosida xoʻjalik sudi tomonidan chaqiriladi hamda kreditorlar yigʻilishi oʻtkaziladigan joy va vaqt haqidagi xabar matbuotda eʼlon qilingan paytdan eʼtiboran bir hafta ichida boʻlib oʻtishi kerak. Eʼlon qilish xarajatlari qarzdor hisobidan qoplanadi.
Kreditorlarning keyingi yigʻilishlari tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxs tashabbusi bilan, pul majburiyatlari va (yoki) qarzdorning majburiy toʻlovlari boʻyicha talablari kreditorlarning talablari reyestriga kiritilgan talablar umumiy summasining kamida uchdan bir qismini tashkil etadigan kreditorlar qoʻmitasining, kreditorning (kreditorlarning) va (yoki) soliq organlari hamda boshqa vakolatli organlarning talablariga binoan yoxud kreditorlarning uchdan bir qismi tashabbusi bilan chaqiriladi.
Kreditorlar yigʻilishi kreditorlar qoʻmitasining yoki kreditorning (kreditorlarning) tashabbusi bilan tashqi boshqaruvchi, ishonchli shaxs tomonidan tashqi boshqaruvchiga, ishonchli shaxsga tegishli ariza bilan murojaat etilgan paytdan boshlab ikki haftalik muddat ichida chaqiriladi.
Agar kreditorlar yigʻilishi yoki kreditorlar qoʻmitasi tomonidan boshqacha qoida belgilangan boʻlmasa, kreditorlar yigʻilishi qarzdor joylashgan manzilda oʻtkaziladi.
