7-modda. Kreditorlar yigʻilishi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Bankrotlik taomili qoʻllanilayotganda barcha kreditorlarning manfaatlarini ushbu Qonunga muvofiq tashkil etiladigan kreditorlar yigʻilishi (qoʻmitasi) himoya qiladi. Xoʻjalik sudi qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi arizani ish yuritish uchun qabul qilib olgan paytdan eʼtiboran kreditorlar qarzdorga oʻz talablarini qondirish maqsadida yakka tartibda murojaat etishga haqli emas.
Qarzdorga nisbatan barcha xatti-harakatlar hamma kreditorlar nomidan kreditorlar yigʻilishi (qoʻmitasi) tomonidan amalga oshiriladi.
Kreditorlar, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda esa, majburiy toʻlovlar talablari qismi boʻyicha — soliq organlari va boshqa vakolatli organlar kreditorlar yigʻilishining ovoz berish huquqiga ega boʻlgan qatnashchilaridir. Kreditorlar yigʻilishida qarzdorning xodimlari vakili ishtirok etadi.
Quyidagilarni qabul qilish kreditorlar yigʻilishi vakolati doirasiga kiradi:
kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisidagi qaror;
kreditorlar qoʻmitasi aʼzolarini saylash, uning son tarkibini belgilash va aʼzolarning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish toʻgʻrisidagi qaror;
tashqi boshqaruvni joriy etish va uning muddatini uzaytirish hamda tegishli iltimosnoma bilan xoʻjalik sudiga murojaat etish toʻgʻrisidagi qaror;
qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi hamda tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan xoʻjalik sudiga murojaat etish haqidagi qaror;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa masalalarga doir qaror.
Kreditorlar yigʻilishini tashkil etish va oʻtkazish tashqi boshqaruvchi yoki ishonchli shaxs tomonidan amalga oshiriladi, kreditorlarning birinchi yigʻilishi bundan mustasno.
Kreditor yoki soliq organlari va boshqa vakolatli organlar kreditorlar yigʻilishida kreditor, soliq organi yoki boshqa vakolatli organning pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorga nisbatan kreditorlar yigʻilishini oʻtkazish sanasida belgilangan talablari jami summasiga mutanosib tarzdagi qogʻozlarga ega boʻladilar.
Agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, kreditorlar yigʻilishida qarzdor majburiyatlari umumiy summasining kamida uchdan ikki qismi miqdorida talabnomalar bildirayotgan, ovoz berish huquqi bor kreditorlar hozir boʻlgan taqdirda, yigʻilish vakolatli hisoblanadi. Kreditorlarning manfaatlarini yigʻilishda ishonchli shaxs ifodalashi mumkin. Kreditorlar yigʻilishida kvorum boʻlmasa, oʻn kunlik muddat ichida kreditorlarning takroriy yigʻilishi chaqiriladi, bu yigʻilish oʻtkaziladigan joy va vaqt toʻgʻrisida kreditorlar tegishli ravishda xabardor etilgan taqdirda, hozir boʻlgan kreditorlar ovozidan qatʼi nazar, yigʻilish vakolatli hisoblanadi.
