78-modda. Ishonchli shaxsning vakolatlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Ishonchli shaxs tasdiqlangan paytdan boshlab qarzdorning ishlarini boshqarish boʻyicha barcha vakolatlar, shu jumladan qarzdorning mol-mulkini tasarruf etish vakolatlari uning ixtiyoriga oʻtadi.
Qarzdorning boshqaruv organlari (tashqi boshqaruvchi) ishonchli shaxs tasdiqlangan paytdan boshlab uch kun ichida qarzdorning buxgalterlik va boshqa hujjatlari, muhr va shtamplari, moddiy va boshqa qimmatli narsalari ishonchli shaxsga berilishini taʼminlaydi. Koʻrsatib oʻtilgan majburiyatni bajarishdan bosh tortilgan taqdirda qarzdorning boshqaruv organlari (tashqi boshqaruvchi), shu jumladan qarzdor-yuridik shaxsning rahbari, qarzdor-jismoniy shaxs qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Ishonchli shaxs:
qarzdorning mol-mulkini oʻz tasarrufiga qabul qilib oladi, uni inventarizatsiya qiladi va baholaydi hamda uni saqlash chora-tadbirlarini koʻradi;
kreditorlar yigʻilishi va kreditorlar qoʻmitasini chaqiradi;
kreditorlar talablarining reyestrini yuritadi va bu talablarni koʻrib chiqadi;
qarzdorning qarzini undirish chora-tadbirlarini koʻradi;
qarzdor tugatilganda qarzdorning xodimlari huquqlari va manfaatlarini himoya qiladi;
kreditorlarning qarzdorga nisbatan bildirgan talablari boʻyicha belgilangan tartibda eʼtirozlar bildiradi;
qarzdorning shartnomalarini bajarishni ushbu Qonunning 56-moddasida belgilangan tartibda rad etadi;
qarzdorning uchinchi shaxslarda turgan mol-mulkini qidirish, aniqlash va qaytarishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻradi;
qonun hujjatlariga muvofiq qarzdorning saqlanishi shart boʻlgan hujjatlarini saqlash uchun topshiradi;
ushbu Qonunda belgilangan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Oʻz vakolatlarini amalga oshirish chogʻida ishonchli shaxs qarzdorni bankrotlikka olib kelganligi munosabati bilan qonun hujjatlariga muvofiq uning majburiyatlari boʻyicha subsidiar javobgar boʻlgan uchinchi shaxslarga talablar taqdim etishga haqli.
Undirilgan summalar tugatish massasiga kiritiladi va ular ushbu Qonunda belgilangan navbat tartibida faqat kreditorlarning talablarini qondirish uchun ishlatilishi mumkin.
Oʻz vakolatlarini amalga oshirish chogʻida ishonchli shaxs qarzdorning hamda uning kreditorlarining manfaatlarini hisobga olgan holda harakat qilishi shart.
