77-modda. Tugatish komissiyasi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Xoʻjalik sudi bankrotlik toʻgʻrisida qaror qabul qilgan taqdirda ayni shu sud tomonidan ishonchli shaxs boshchiligida tugatish komissiyasi tuziladi. Mol-mulkida davlat mulkining ulushi boʻlgan qarzdor bankrot deb eʼlon qilingan taqdirda, ishonchli shaxs boshchiligidagi tugatish komissiyasini bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi tuzadi. Ishonchli shaxsni xoʻjalik sudi tomonidan tasdiqlash tashqi boshqaruvchini tayinlash uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Tugatish komissiyasi:
qarzdor-bankrot joylashgan erdagi rasmiy matbuotda uning tugatilishi toʻgʻrisidagi hamda kreditorlarning talabnomalar bildirish tartibi xususidagi eʼlonni chop etishi;
qarzdor-bankrotning tugatilishini kreditorlarga va manfaatdor taraflarga maʼlum qilishi;
qarzdor-bankrotning pul mablagʻlarini bitta bankda yagona soʻm va yagona valyuta hisobvaraqlarida jamlashi;
qarzdor-bankrotning mol-mulki, shu jumladan garovdagi mol-mulki toʻgʻrisidagi hisobotni tuzishi;
tugatish balansini tuzishi va uni xoʻjalik sudiga taqdim etishi;
qarzdor-bankrotni tugatish rejasini tayyorlashi;
joriy ishlarni tugallashi;
qarzdor-bankrotni tugatishni manfaatdor taraflar foydasini koʻzlab bosqichma-bosqich amalga oshirishi;
kreditorlarga, xoʻjalik sudiga, soliq organlari va boshqa vakolatli organlarga, oʻzga manfaatdor tashkilotlarga va shaxslarga qarzdorning mol-mulki hamda qarzdorni tugatish jarayonining berishi haqidagi zarur axborotni berib turishi;
qarzdor-bankrotni tugatish oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi yakunlovchi hisobotni tayyorlashi va uni xoʻjalik sudiga taqdim etishi shart.
Mol-mulkida davlat mulkining ulushi boʻlgan qarzdor-bankrot tugatish komissiyasining eng koʻp ish muddati, qoida tariqasida, bir yildan oshishi mumkin emas. Tugatish komissiyasining ish muddati alohida hollarda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻpi bilan yana olti oyga uzaytirilishi mumkin.
Qarzdor-bankrotni tugatish bilan bogʻliq ishlar tugatish komissiyasi tomonidan belgilangan muddatda tugallanmagan va kreditorlar mol-mulkning bir qismini qarzni qoplash hisobiga olishdan bosh tortgan taqdirda mol-mulkning realizatsiya qilinmagan qismi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat mulkiga oʻtadi.
