122-modda. Jismoniy shaxs bankrot deb topilishining oqibatlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Xoʻjalik sudi jismoniy shaxsni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilgan paytdan eʼtiboran:
qarzdorning pul majburiyatlarini bajarish muddati kelgan deb hisoblanadi;
qarzdorning barcha majburiyatlari boʻyicha neustoykalar (jarimalar, penyalar), foizlar qoʻshish va boshqa moliyaviy (iqtisodiy) sanksiyalar bekor qilinadi;
qarzdordan barcha ijro hujjatlari boʻyicha, alimentlar undirish toʻgʻrisidagi talablarga doir ijro hujjatlari bundan mustasno, shuningdek hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi talablar boʻyicha amalga oshiriladigan undiruvlar bekor qilinadi.
Jismoniy shaxsni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi qarorni xoʻjalik sudi aniqlangan barcha kreditorlarga ular oʻz talablarini taqdim etadigan muddatni koʻrsatgan holda joʻnatadi, bu muddat ikki oydan oshmasligi kerak. Xoʻjalik sudining ana shunday qarorini yuborish jismoniy shaxs hisobidan amalga oshiriladi.
Xoʻjalik sudi jismoniy shaxsni bankrot deb topish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan paytdan boshlab uning yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtganligi oʻz kuchini yoʻqotadi, shuningdek faoliyatning ayrim turlari bilan shugʻullanish uchun unga berilgan litsenziyaning amal qilishi tugatiladi.
Bankrot deb topilgan jismoniy shaxs uning bankrotligi eʼtirof etilgan kundan eʼtiboran bir yil ichida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatga olinishi mumkin emas.
Xoʻjalik sudi jismoniy shaxsni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi qaror nusxasini ayni shu shaxsni yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatga olgan organga yuboradi.
