121-modda. Jismoniy shaxsning bankrotligi toʻgʻrisidagi ishning xoʻjalik sudi tomonidan koʻrilishi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (668-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Kuchini yo'qotgan
Xoʻjalik sudi jismoniy shaxsni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi arizani qabul qilish bilan bir paytda jismoniy shaxsning mol-mulkini xatlab qoʻyadi, qonun hujjatlariga muvofiq undiruvni qaratish mumkin boʻlmagan mol-mulk bundan mustasno. Qarzdorning pul majburiyatlari bajarilishi xususida uchinchi shaxslar tomonidan asoslantirilgan kafillik berilgan yoki boshqa kafolatlangan taʼminot taqdim etilgan taqdirda xoʻjalik sudi jismoniy shaxsning iltimosnomasiga binoan jismoniy shaxsning mol-mulkini (jismoniy shaxs mol-mulkining bir qismini) xatlovdan chiqarishi mumkin.
Jismoniy shaxsning arizasiga binoan xoʻjalik sudi jismoniy shaxs kreditorlar bilan hisob-kitob qilishi yoki kelishuv bitimiga erishishi uchun bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrishni uzogʻi bilan bir oy muddatga keyinga qoldirishi mumkin.
Jismoniy shaxsga nisbatan meros ochilganligi toʻgʻrisida maʼlumot boʻlgan taqdirda, xoʻjalik sudi jismoniy shaxsni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ish yuritishni meros taqdiri toʻgʻrisidagi masala qonunda belgilangan tartibda hal qilingunga qadar toʻxtatib turishga haqli.
Agar jismoniy shaxs ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilangan muddatda kreditorlarning talablari qondirilganligini koʻrsatuvchi dalillarni taqdim etmagan va belgilangan muddatda kelishuv bitimi tuzilmagan boʻlsa, xoʻjalik sudi jismoniy shaxsni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
