24-modda. Kreditorlar yigʻilishi
Bankrotlik toʻgʻrisida (1054-XII-son) · Sana: 05.05.1994 · Kuchini yo'qotgan
Kreditorlar yigʻilishida kreditorlar, ishonchli vakil va nochor qarzdor qatnashish huquqiga ega.
Kreditorlar yigʻilishi:
vakolatli organ tasdigʻiga ishonchli vakil nomzodini taqdim etadi;
nochor qarzdorga qarashli mol-mulkni uning tasarrufidan chiqarish bilan bogʻliq ayrim bitimlar tuzishga ruxsat beradi;
kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisida takliflar kiritishi mumkin;
ishonchli vakilning xatti-harakatlarini nazorat qilib boradi;
yigʻilishning operativ ishlaydigan organi hisoblanmish kreditorlar komitetini tuzishi mumkin. Komitetning vazifalarini kreditorlar yigʻilishi belgilaydi.
Kreditorlar yigʻilishi, basharti, unda qarzdor majburiyati umumiy summasining kamida uchdan ikki qismi miqdorida daʼvo qilayotgan, ovoz berish huquqiga ega boʻlgan kreditorlar qatnashsa, vakolatli hisoblanadi. Kreditorlar yigʻilishda ishonchli vakil orqali qatnashishlari mumkin.
Kreditor, basharti, nochor qarzdorga nisbatan qoʻyilishi toʻgʻri deb topilgan talablar egasi boʻlsa va mazkur ishda oʻzga manfaatlari boʻlmasa, kreditorlar yigʻilishida ovoz berish huquqiga ega boʻladi.
