13-modda. Dastlabki harakatlar
Bankrotlik toʻgʻrisida (1054-XII-son) · Sana: 05.05.1994 · Kuchini yo'qotgan
Xoʻjalik sudi ish yuritish uchun materiallarni qabul qilib olgan kundan eʼtiboran qonunda belgilangan muddatda majlis tayin qiladi, unga qarzdorning oʻzi, qarzdor roʻyxatga olingan joydagi banklarning, moliya va soliq organlarining vakillari, kreditorlar, vakolatli organning vakillari (agar qarzdorning mol-mulkida davlatning ishtiroki boʻlsa), shuningdek sudning ixtiyoriga koʻra boshqa organlarning (tashkilotlarning) vakillari taklif qilinib, bu xususda ajrim chiqariladi.
Nochor qarzdor yoki uning mol-mulki egasining vakili bankrot boʻlganlikka doir ishni toʻxtatish haqida va sanatsiya oʻtkazish (mulkdor, vakolatli organ, kreditor (kreditorlar) yoki boshqa shaxslar tomonidan moliyaviy yordam koʻrsatish orqali xoʻjalik yuritish subyekti faoliyatini sogʻlomlashtirish) toʻgʻrisida iltimosnoma bilan murojaat qilishi mumkin.
Xoʻjalik sudi sanatsiya oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnomani belgilangan muddatda qarab chiqadi hamda uni qondirish yoki rad etish haqida ajrim chiqaradi.
Qarzdor xoʻjalik yuritish subyekti oʻz faoliyatini davom ettirishi uchun uning toʻlov qobiliyatini tiklashning real imkoniyati mavjudligi sanatsiya oʻtkazish uchun asos boʻladi.
Sanatsiya oʻtkazish mumkinligini yoki maqsadga muvofiqligini aniqlash uchun xoʻjalik sudi mustaqil ekspertlarni (auditorlarni) jalb etishga va ularning faoliyati bilan bogʻliq xarajatlarni qarzdorning zimmasiga yuklashga haqlidir.
Xoʻjalik sudi ajrim chiqarganidan soʻng sanatsiya qatnashchilari yigʻilish oʻtkazib, bitim ishlab chiqishlari shart. Bitim imzolanganidan keyin oʻn kun ichida xoʻjalik sudiga topshiriladi. Taqdim etilgan bitimga asosan xoʻjalik sudi sanatsiya oʻtkazish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi. Bitimda qarzdorning asosiy vositalarni sanatsiya qatnashchilariga berishi koʻzda tutilgan boʻlishi mumkin emas, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa.
Sanatsiya boshlanganiga 12 oy toʻlganida kreditorlar talablari umumiy summasining kamida 40 foizi qondirilgan boʻlishi kerak.
Sanatsiya qatnashchilari kreditorlar oldida zimmaga olgan majburiyatlarini toʻliq bajarishlari shart va bu majburiyatlarning bajarilishi uchun birgalikda javobgar boʻladilar, agar bitimda oʻzga qoida nazarda tutilmagan boʻlsa.
Sanatsiyaning kechishi 18 oydan oshmasligi lozim. Xoʻjalik sudi sanatsiya qatnashchilarining iltimosnomasiga koʻra sanatsiya oʻtkazish muddatini koʻpi bilan olti oygacha uzaytirishga haqli, davlat korxonalarida sanatsiya oʻtkazish hollari bundan mustasno.
