12-modda. Ish yuritishni qoʻzgʻatish
Bankrotlik toʻgʻrisida (1054-XII-son) · Sana: 05.05.1994 · Kuchini yo'qotgan
Qarzdorning, kreditorning (kreditorlarning) prokurorning yoki vakolatli organning arizasi asosida xoʻjalik sudi xoʻjalik yuritish subyektining bankrotligi toʻgʻrisida ish yuritishni qoʻzgʻatadi, bu xususda ajrim chiqarilib, u qarzdorga, kreditorga (kreditorlarga), prokurorga va vakolatli organga, shuningdek jamoa shartnomasini imzolagan organ orqali qarzdorning mehnat jamoasiga yoʻllanadi.
Bankrot boʻlganlikka doir ish nochor qarzdorning tashabbusi bilan qoʻzgʻatilganda xoʻjalik sudi kreditorlardan qarzdorga nisbatan qoʻyilgan talablarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilib oladi.
Ish kreditorning tashabbusi bilan qoʻzgʻatilganda xoʻjalik sudi qarzdordan kreditorlar va qarzdorlarning roʻyxatini hamda xoʻjalik yuritish subyektining buxgalteriya balansini talab qilib oladi.
Xoʻjalik sudi taqdim etilgan hujjatlarning asosliligi va ishonchliligini tekshiradi hamda tekshirish natijalariga qarab, oʻn kunlik muddat ichida ularni rad etadi yoki ish yuritish uchun qabul qiladi.
Bankrot boʻlganlikka doir ish koʻrib chiqilishi uchun qarzdor ish yuritishga qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida:
yuridik shaxsning nomi;
uning faoliyatining tashkiliy shakli;
mulkning shakli, mol-mulkning egasi (egalari);
muassislar;
yuridik shaxs boshqaruv organining nomi;
yuridik shaxs va uning filiallari joylashgan manzillar;
pochta adresi;
faoliyat sohasi va maqsadi;
xoʻjalik sudi ishni yuritish uchun qabul qilgan sanadagi buxgalteriya balansi;
kreditorlarning roʻyxati hamda debitorlik va kreditorlik qarzlarining batafsil yozma bayoni;
ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxatiga doir maʼlumotlardan iborat materiallarni xoʻjalik sudiga topshirishi shart.
Agar qarzdor yakka tartibda ish yuritadigan tadbirkor boʻlsa:
familiyasi, ismi, otasining nomi, tugʻilgan vaqti va joyi;
pasport maʼlumotlari (seriyasi, nomeri, kim tomonidan va qachon berilganligi);
turar joyi va pochta adresi;
yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatining turi;
agar ishlab chiqarish binosi boʻlsa — u joylashgan manzil;
roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma;
daromadlar toʻgʻrisidagi deklaratsiya;
ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxatiga doir maʼlumotlarni taqdim etadi.
