3-modda. Vijdon erkinligi huquqi
“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (618-I-son) · Sana: 01.05.1998 · Amalda
Vijdon erkinligi fuqarolarning har qanday dinga eʼtiqod qilish yoki hech qanday dinga eʼtiqod qilmaslikdan iborat kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqidir.
Fuqaro oʻzining dinga, dinga eʼtiqod qilishga yoki eʼtiqod etmaslikka, ibodat qilishda, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda qatnashish yoki qatnashmaslikka, diniy taʼlim olishga oʻz munosabatini belgilayotgan paytda uni u yoki bu tarzda majbur etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Voyaga yetmagan bolalarni diniy tashkilotlarga jalb etish, shuningdek ularning ixtiyoriga, ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar ixtiyoriga zid tarzda dinga oʻqitishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Dinga eʼtiqod qilish yoki oʻzga eʼtiqodlar erkinligi milliy xavfsizlikni va jamoat tartibini, boshqa fuqarolarning hayoti, salomatligi, axloqi, huquqi va erkinliklarini taʼminlash uchun zarur boʻlgan darajadagina cheklanishi mumkin.
Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng ravishda vijdon erkinligi va diniy eʼtiqod erkinligi huquqidan foydalanadilar hamda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun qonunda belgilangan tarzda javobgar boʻladilar.
