20-modda. Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatuvchi advokatni “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali tanlash tartibi
Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida (O‘RQ-848-son) · Sana: 16.06.2023 · Amalda
Maxsus vakolatli davlat organining davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish haqidagi qarori yoki advokat tayinlash toʻgʻrisidagi surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoxud sudning ajrimi “Yuridik yordam” axborot tizimida roʻyxatga olinganidan keyin “Yuridik yordam” axborot tizimi davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatuvchi advokatlardan birini avtomatik ravishda tanlaydi.
“Yuridik yordam” axborot tizimi orqali advokatni tanlashda uning ixtisoslashuvi, advokat qaysi hudud doirasida davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish boʻyicha oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan boʻlsa, oʻsha hudud va ish yuritish tili inobatga olinadi.
“Yuridik yordam” axborot tizimi orqali tanlangan hamda tegishli ishda oʻzining ishtirok etishini tasdiqlagan advokat qonunchilikda belgilangan muddatlarda va tartibda yuridik yordam koʻrsatishga kirishishi shart.
“Yuridik yordam” axborot tizimi orqali tanlangan advokat haqidagi axborot davlat hisobidan yuridik yordam olish toʻgʻrisida ariza bergan jismoniy shaxsga yoki davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish haqida soʻrov yuborgan vakolatli organga (mansabdor shaxsga) joʻnatiladi.
Agar “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali tanlangan advokat ishda ishtirok etishni rad etadigan boʻlsa, u rad etish asoslarini darhol “Yuridik yordam” axborot tizimiga kiritishi kerak.
“Yuridik yordam” axborot tizimi orqali advokatni tanlash jarayoni “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali tanlangan advokatlardan biri oʻzining ishda ishtirok etishini tasdiqlanmaguniga qadar davom etadi.
