14-modda. Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatuvchi advokatlar reyestrini yuritish tartibi
Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida (O‘RQ-848-son) · Sana: 16.06.2023 · Amalda
Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatuvchi advokatlar reyestri “Yuridik yordam” axborot tizimi doirasida maxsus vakolatli davlat organi tomonidan elektron tarzda shakllantiriladi.
Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatuvchi advokatlar reyestrida advokat haqidagi quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak:
Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatuvchi advokatlar reyestridagi raqam;
advokatning familiyasi, ismi va otasining ismi;
advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga doir litsenziyaning berilgan sanasi va tartib raqami;
advokat oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan advokatlik tuzilmasining nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) va telefon raqami;
advokat qaysi hududlar doirasida davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish istagini bildirgan boʻlsa, oʻsha hududlar nomi;
advokatning ruxsat etilgan ixtisosliklari turlari;
ish yuritish tili;
ish vaqti;
advokat bilan tuzilgan shartnoma haqidagi maʼlumotlar.
Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatuvchi advokatlar reyestri barchaning foydalanishi uchun ochiqdir.
