7-modda. Xizmat tartibida yaratilgan seleksiya yutugʻi patentining egasi
“Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (395-II-son) · Sana: 29.08.2002 · Amalda
Agar muallif (hammualliflar) seleksiya yutugʻi yaratilayotganda:
oʻzi (oʻzlari) egallab turgan lavozimga xos vazifalarni bajargan boʻlsa;
seleksiya yutugʻini yaratish maqsadini koʻzlab zimmasiga (zimmalariga) maxsus yuklatilgan vazifalarni bajargan boʻlsa;
ish beruvchi tomonidan oʻziga (oʻzlariga) berilgan moddiy vositalar yoki moliyaviy mablagʻlardan foydalangan boʻlsa;
oʻzi (oʻzlari) ish jarayonida orttirgan, ish beruvchi tashkilotning oʻziga xos xususiyatini tashkil etadigan bilim va tajribadan foydalangan boʻlsa, bunday seleksiya yutugʻi xizmat tartibida yaratilgan deb hisoblanadi.
Agar ish beruvchi yaratilgan seleksiya yutugʻi toʻgʻrisida muallif (hammualliflar) tomonidan yozma ravishda xabardor qilingan sanadan eʼtiboran toʻrt oy ichida Vazirlikka patent berish haqidagi talabnomani topshirmasa, patent berish haqidagi talabnomani topshirish huquqidan boshqa shaxs foydasiga voz kechmasa va seleksiya yutugʻini sir saqlash toʻgʻrisida muallifga (hammualliflarga) maʼlum qilmasa, u holda muallif (hammualliflar) talabnoma topshirish va oʻz nomiga patent olish huquqiga ega boʻladi. Bunday holda, ish beruvchi patent egasiga shartnomada belgilanadigan miqdorda tovon toʻlab, oʻz ishlab chiqarishida seleksiya yutugʻidan foydalanishda ustuvor huquqqa ega boʻladi.
Ish beruvchi seleksiya yutugʻini sir saqlagan taqdirda muallifga (hammualliflarga) mutanosib ravishda haq toʻlashi shart, haq miqdori shartnomada belgilanadi.
Patent egasi boʻlmagan seleksiya yutugʻining muallifi (hammualliflari) seleksiya yutugʻiga doir litsenziyadan foydalanilganligi yoxud u sotilganligi uchun haq olish huquqiga ega, bu haqning miqdori va uni toʻlash tartibi patent egasi yoki uning huquqiy vorisi bilan tuzilgan shartnomada belgilab qoʻyiladi.
Muallifga (hammualliflarga) haqni patent egasi yoki uning huquqiy vorisi, agar seleksiya yutugʻidan foydalanganlik uchun haq toʻlash tartibi va muddatlari toʻgʻrisidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, patentning amal qilish muddati davomida toʻlaydi.
Haq muallifga (hammualliflarga) seleksiya yutugʻidan foydalanilgan hisobot davri tugaganidan keyin uzogʻi bilan olti oy ichida toʻlanadi.
