29-modda. Patent bojlari
“Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (395-II-son) · Sana: 29.08.2002 · Amalda
Patent berish haqidagi talabnomani topshirish, talabnomada koʻrsatilgan seleksiya yutugʻini ekspertiza va sinovdan oʻtkazish, patent berish, uni oʻz kuchida saqlab turish, shuningdek seleksiya yutugʻining huquqiy muhofazasi bilan bogʻliq yuridik ahamiyatga ega boshqa harakatlarni bajarish uchun patent bojlari undiriladi.
Patent bojlarining miqdori va ularni toʻlash muddatlari, ularni toʻlashdan ozod qilish, toʻlovlarning miqdorini kamaytirish yoki ularni qaytarib berish asoslari, shuningdek patent bojlaridan foydalanish tartibi qonunda belgilanadi.
Patent bojlari talabnoma beruvchi, patent egasi va boshqa manfaatdor shaxs tomonidan toʻlanadi.
Patentni oʻz kuchida saqlab turganlik uchun patent bojlarini toʻlash maqsadida, qoʻshimcha patent boji toʻlangan taqdirda, patent egasiga olti oylik imtiyozli muddat beriladi.
Agar patentni oʻz kuchida saqlab turganlik uchun patent boji va qoʻshimcha patent boji imtiyozli muddat mobaynida toʻlanmasa, patentning amal qilishi patent boji belgilangan muddatda toʻlanmagan kundan eʼtiboran tugatiladi.
