23-modda. Talabnomada koʻrsatilgan seleksiya yutugʻining sinovlari
“Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (395-II-son) · Sana: 29.08.2002 · Amalda
Talabnomada koʻrsatilgan seleksiya yutugʻining sinovlari farqlanish, turdoshlik va barqarorlik mezonlariga moslikni sinashdan iboratdir.
Talabnomada koʻrsatilgan seleksiya yutugʻining sinovlari ixtisoslashtirilgan tashkilotlar belgilagan usul va muddatlarda, roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan davlat nav sinash stansiyalarida, davlat nav sinash uchastkalarida, boshqa tashkilotlarda oʻtkaziladi.
Talabnoma beruvchi sinov oʻtkazish uchun kerakli miqdordagi urugʻlikni, koʻchat yoki nasl materialini ixtisoslashtirilgan tashkilot tomonidan belgilangan manzilga, koʻrsatilgan muddatlarda taqdim etishi shart.
Ixtisoslashtirilgan tashkilot talabnoma beruvchi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining korxonalari, muassasalari, tashkilotlari va boshqa davlatlarning vakolatli organlari tomonidan taqdim etilgan sinov natijalaridan foydalanishga haqli.
Ixtisoslashtirilgan tashkilot sinov natijalariga koʻra seleksiya yutugʻining patentga layoqatlilik mezonlariga mosligi toʻgʻrisida xulosa chiqaradi.
Agar seleksiya yutugʻi patentga layoqatlilik mezonlariga, uning nomi esa belgilangan talablarga javob bersa, ixtisoslashtirilgan tashkilot seleksiya yutugʻining rasmiy tavsifini tayyorlaydi, Davlat muassasasi esa patent berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Agar seleksiya yutugʻi patentga layoqatlilik mezonlariga javob bermasa, Davlat muassasasi patent berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Talabnoma beruvchi uch oylik muddat ichida Davlat muassasasining qarori ustidan Apellyatsiya kengashiga apellyatsiya bilan murojaat qilishi mumkin. Agar seleksiya yutugʻini qoʻshimcha ravishda sinash zaruriyati yuzaga kelmasa, Apellyatsiya kengashi apellyatsiya kelib tushgan sanadan eʼtiboran ikki oylik muddat ichida uni koʻrib chiqishi kerak.
Apellyatsiya kengashining qarori ustidan qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran olti oy ichida sudga shikoyat qilinishi mumkin.
