22-modda. Seleksiya yutugʻi yangilik ekanligining ekspertizasi
“Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (395-II-son) · Sana: 29.08.2002 · Amalda
Seleksiya yutugʻi yangilik ekanligining ekspertizasini ixtisoslashtirilgan tashkilot mavjud hujjatlar va dalil-isbotlar, shu jumladan oʻz tashabbusi bilan olgan axborot asosida amalga oshiradi hamda talabnomada koʻrsatilgan seleksiya yutugʻining yangilik mezoniga muvofiqligi yoki nomuvofiqligi toʻgʻrisida Davlat muassasasiga xulosa taqdim etadi. Davlat muassasasi yangilik mavjudligi yoki yoʻqligi toʻgʻrisida talabnoma beruvchini yozma ravishda xabardor etadi.
Patent berish haqidagi talabnomaga oid maʼlumotlar eʼlon qilingan sanadan eʼtiboran olti oy ichida har qanday manfaatdor shaxs talabnomada koʻrsatilgan seleksiya yutugʻining yangilik ekanligiga nisbatan oʻz eʼtirozini tegishli ixtisoslashtirilgan tashkilotga yuborishi mumkin.
Tegishli ixtisoslashtirilgan tashkilot eʼtiroz olinganligini talabnoma beruvchiga maʼlum qiladi. Talabnoma beruvchi eʼtirozga rozi boʻlmasa, bildirishnoma olingan kundan eʼtiboran uch oylik muddat ichida ixtisoslashtirilgan tashkilotga asoslantirilgan eʼtiroz talabini yuborish huquqiga ega. Ixtisoslashtirilgan tashkilot kelib tushgan materiallar yuzasidan qaror qabul qiladi va manfaatdor shaxs hamda talabnoma beruvchini bundan xabardor etadi.
Agar talabnomada koʻrsatilgan seleksiya yutugʻi yangilik mezoniga nomuvofiq boʻlsa, Davlat muassasasi patent berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Talabnoma beruvchi uch oylik muddat ichida Davlat muassasasining patent berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori ustidan Apellyatsiya kengashiga apellyatsiya bilan murojaat etishi mumkin. Apellyatsiya kengashi apellyatsiya kelib tushgan sanadan eʼtiboran ikki oylik muddat ichida uni koʻrib chiqishi kerak.
Apellyatsiya kengashining qarori ustidan qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran olti oy ichida sudga shikoyat qilinishi mumkin.
