15-modda. Patentga boʻlgan huquq
“Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (395-II-son) · Sana: 29.08.2002 · Amalda
Patentga boʻlgan huquq muallifga (hammualliflarga) yoki uning (ularning) merosxoʻriga (merosxoʻrlariga) tegishlidir.
Agar bir nechta shaxs birgalikda bitta seleksiya yutugʻi yaratgan boʻlsa, patentga boʻlgan huquq ularning hammasiga tegishli boʻladi. Ulardan bittasining yoki bir nechtasining patentga boʻlgan huquqdan voz kechishi boshqalarining patent olish harakatlarini sodir etishiga hamda patent olish taomilida ishtirok etishiga taalluqli boʻlmaydi.
Muallif (hammualliflar) oʻzining (oʻzlarining) xizmat vazifalarini, muayyan topshiriqni bajarishi bilan bogʻliq holda yoki ish beruvchi tashkilotning oʻziga xos xususiyatini tashkil etadigan bilim va tajriba yordamida yaratilgan seleksiya yutugʻiga beriladigan patentga boʻlgan huquq, agar bu ular oʻrtasidagi shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, ish beruvchiga tegishlidir.
Agar seleksiya yutugʻini bir nechta shaxs bir-biridan mustaqil ravishda yaratgan boʻlsa, patent olish huquqi patent berish haqidagi talabnomani Vazirlikka oldinroq topshirgan shaxsga, basharti bu talabnoma chaqirib olinmagan yoki rad etilmagan boʻlsa, tegishlidir.
Muallif (hammualliflar), agar oʻzi (oʻzlari) yaratgan seleksiya yutugʻini boshqalar gʻayriqonuniy oʻzlashtirib olishi natijasida bu seleksiya yutugʻiga talabnoma topshirilgan yoki patent olingan boʻlsa, patent berilganligiga qarshi eʼtiroz bildirish yoxud patent egasi sifatida oʻziga (oʻzlariga) patentning oʻtkazilishini sud tartibida talab qilish huquqiga ega.
Davlat muassasasining va ixtisoslashtirilgan tashkilotlarning xodimlari ana shu idora va tashkilotlarda ishlagan butun davrida ham, ishdan ketganlaridan keyin bir yil davomida ham patent olish, shuningdek oʻzlarini muallif (hammualliflar) sifatida koʻrsatish huquqiga ega emas.
