5-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida (O‘RQ-844-son) · Sana: 24.05.2023 · Amalda
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
fuqarolarning hayotini va sogʻligʻini saqlashga, ularni alkogol va tamaki mahsulotlarining, atrofdagi tamaki tutunining salbiy taʼsiridan himoya qilishga qaratilgan kompleks huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish;
fuqarolar sogʻligʻini saqlashning alkogol va tamaki mahsulotlarini, tamakini hamda nikotinni isteʼmol qilish moslamalarini tijorat maqsadlarida ishlab chiqarayotgan, import va realizatsiya qilayotgan shaxslarning manfaatlaridan ustuvorligini taʼminlash;
fuqarolarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalashga, aholi, avvalo, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga, ularning sogʻligʻiga alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish bilan bogʻliq xavf-xatarlarning oldini olishga va ularni kamaytirishga qaratilgan profilaktika, maʼrifiy faoliyatni tashkil etish hamda amalga oshirish;
alkogol va tamaki mahsulotlarining, tamakini hamda nikotinni isteʼmol qilish moslamalarining aylanishi sohasidagi davlat nazoratini taʼminlash, shuningdek alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash sohasidagi davlat dasturlarini amalga oshirish;
alkogolga yoki nikotinga qaramlikdan aziyat chekayotgan shaxslarga tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatishning samarali tizimini yaratish;
alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning salbiy taʼsiri profilaktikasi, shuningdek alkogolga yoki nikotinga qaramlik diagnostikasi va uni davolash sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish;
jamiyatda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishda hamda alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash sohasidagi yagona davlat siyosatini roʻyobga chiqarishga qaratilgan profilaktika, maʼrifiy tadbirlarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining keng ishtirok etishi uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish.
