4-modda. Tamaki mahsuloti
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida (O‘RQ-844-son) · Sana: 24.05.2023 · Amalda
Chekish, shu jumladan tamakini hamda nikotinni isteʼmol qilish moslamalaridan foydalangan holda chekish uchun, shuningdek shimish, chaynash, hidlash yoki boshqacha usullarda isteʼmol qilish uchun xom ashyo sifatida toʻliq yoki qisman tamaki bargidan va (yoki) tamaki oʻsimligining boshqa qismlaridan tayyorlangan mahsulotlar (bundan qonunchilikka muvofiq roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalari mustasno) tamaki mahsulotlaridir.
Quyidagilar tamaki mahsulotlari jumlasiga kiradi:
tarkibida xom ashyo sifatidagi tamaki bargi va (yoki) tamaki oʻsimligining boshqa qismlari mavjud boʻlgan mahsulot. Chekiladigan mahsulotlar (papiroslar, sigaralar, sigaretalar, sigarillalar (sigaritalar), qizdiriladigan tamaki mahsulotlari, chilim uchun tamaki, ingichka qirqilgan, chekiladigan tamaki, trubka uchun tamaki) va chekilmaydigan mahsulotlar (nosvoy, tamakili snyus, hidlanadigan tamaki, chaynaladigan tamaki) shunday mahsulot boʻlishi mumkin;
tarkibida nikotin yoki nikotinning hosilalari, shu jumladan nikotin tuzlari, eritmalari, nikotinli suyuqliklar yoki tarkibida nikotinli gellar mavjud boʻlgan, lekin tamaki bargi va (yoki) tamaki oʻsimligining boshqa qismlari mavjud boʻlmagan mahsulot. Chekiladigan mahsulotlar (nikotin yetkazib berishning elektron tizimlari uchun nikotinli suyuqliklar, nikotin suyuqligi boʻlgan elektron sigaretalar, chilim uchun nikotinli aralashmalar) va chekilmaydigan mahsulotlar (nikotinli snyus) shunday mahsulot boʻlishi mumkin;
tarkibida tamaki va nikotin mavjud boʻlmagan, lekin tamakini hamda nikotinni isteʼmol qilish moslamalari bilan birga foydalanish uchun moʻljallangan mahsulot (nikotin yetkazib berishning elektron tizimlari uchun nikotinsiz suyuqliklar, nikotinsiz suyuqligi boʻlgan elektron sigaretalar, chilim uchun nikotinsiz qorishmalar).
