9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat qarzini boshqarish sohasidagi vakolatlari
Davlat qarzi toʻgʻrisida (O‘RQ-836-son) · Sana: 29.04.2023 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat qarzini boshqarish sohasidagi vakolatli organdir (bundan buyon matnda vakolatli organ deb yuritiladi).
Vakolatli organ:
davlat qarzini boshqarish strategiyasi loyihasini ishlab chiqadi va uni tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga davlat qarzi boʻyicha cheklangan miqdorlarni va davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi kelishuv doirasida xususiy sherikka beriladigan kafolatlar boʻyicha yillik limitlarni belgilash yuzasidan takliflar kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi nomidan mablagʻ jalb qiladi;
davlat kafolatini berishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xulosa taqdim etadi;
davlat kafolatini (davlat kafolatini tasdiqlovchi hujjatni) rasmiylashtiradi;
davlat tomonidan mablagʻlar jalb qilishning davlat qarzi barqarorligiga taʼsirini baholaydi;
davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish, shuningdek davlat qarzini restrukturizatsiya qilish boʻyicha barcha muzokaralarda ishtirok etadi;
davlat tomonidan jalb qilinadigan mablagʻning miqdorini, muddatini, valyuta turini, foiz stavkasining turini (qatʼiy belgilangan yoki oʻzgaruvchan), qarz vositasini va boshqa shartlarini Oʻzbekiston Respublikasi nomidan belgilaydi;
davlat qarzi boʻyicha cheklangan miqdorlardan, davlat qarzini boshqarish strategiyasidan, davlat qarzining barqarorligidan va davlat qarzini boshqarish chogʻida yuzaga keladigan xatarlardan (bundan buyon matnda davlat qarzi bilan bogʻliq xatarlar deb yuritiladi) kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi nomidan mablagʻ jalb qilishni yoki davlat kafolatini berishni toʻxtatib turish choralarini koʻradi;
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan jalb qilingan qarz mablagʻlarini qaytadan kreditlashda davlat qarzi bilan bogʻliq xatarlarni qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasining marjasini belgilash boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi;
davlat qarzi boʻyicha xizmat koʻrsatish uchun mablagʻlarning manbalarini aniqlash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
