7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining davlat qarzini boshqarish sohasidagi vakolatlari
Davlat qarzi toʻgʻrisida (O‘RQ-836-son) · Sana: 29.04.2023 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi:
davlat qarzini boshqarish samaradorligi yuzasidan monitoring oʻtkazadi;
davlat tomonidan xorijdan mablagʻ jalb qilish miqdorlarini va uning maqsadga muvofiqligini baholashni amalga oshiradi;
davlat tomonidan jalb qilingan mablagʻlardan samarali va oqilona foydalanilishi, shuningdek davlat qarzi boʻyicha oʻz vaqtida hamda toʻliq xizmat koʻrsatilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarning shakllantirilishi yuzasidan monitoring oʻtkazadi hamda nazoratni amalga oshiradi;
davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarning toʻliq va samarali bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish hisobidan amalga oshirilgan va yakunlangan loyihalarni auditdan oʻtkazadi hamda audit natijalari haqidagi axborotni har yil oxirida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuboradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
