6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining davlat qarzini boshqarish sohasidagi vakolatlari
Davlat qarzi toʻgʻrisida (O‘RQ-836-son) · Sana: 29.04.2023 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish uchun ustuvor yoʻnalishlarni belgilaydi;
davlat qarzini boshqarish strategiyasini tasdiqlaydi va uning amalga oshirilishini nazorat qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga davlat qarzi boʻyicha cheklangan miqdorlarni va davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi kelishuv doirasida xususiy sherikka beriladigan kafolatlar boʻyicha yillik limitlarni belgilash yuzasidan takliflar kiritadi;
davlat qarzi boʻyicha cheklangan miqdorlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi nomidan mablagʻ jalb qilishga va davlat kafolatini berishga doir tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan davlat qarziga oid shartnomalarni va ularga doir qoʻshimcha kelishuvlarni tuzadi yoki ularni Oʻzbekiston Respublikasi nomidan tuzish uchun boshqa organga vakolat beradi;
davlat gʻaznachilik obligatsiyalarining chiqarilishi, joylashtirilishi, muomalada boʻlishi va muomaladan chiqarilishi tartibini belgilaydi;
davlat kafolatini berish tartibini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
