42-modda. Davlat kafolatini berish tartibi
Davlat qarzi toʻgʻrisida (O‘RQ-836-son) · Sana: 29.04.2023 · Amalda
Qarz oluvchi-rezidentlar davlat kafolatini berish toʻgʻrisidagi yozma (elektron) shakldagi ariza bilan vakolatli organga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda, quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda murojaat qiladi:
jalb qilinishi nazarda tutilgan mablagʻ boʻyicha qarz shartnomasining loyihasini;
jalb etiladigan qarz mablagʻlarini oʻzlashtirish va qaytarish boʻyicha qarz oluvchi-rezident tomonidan imzolangan prognoz jadvallarini;
davlat kafolati ostida mablagʻ jalb qilish hisobiga moliyalashtirilishi nazarda tutilgan loyihaning texnik-iqtisodiy asosini;
qarz oluvchi-rezidentning qonunchilikda belgilangan shakllarda toʻldirilgan keyingi uch yil uchun moliyaviy hisobotlarini, shuningdek auditorlik tashkilotining ushbu moliyaviy hisobotlarning ishonchliligi va buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi fikrni oʻz ichiga olgan xulosasini;
davlat kafolatini berish tartibiga muvofiq boshqa hujjatlarni.
Vakolatli organ qarz oluvchi-rezidentlarning ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlar ilova qilinmagan arizalarini koʻrmasdan qoldiradi va bu haqda qarz oluvchi-rezidentlarni yozma (elektron) shaklda xabardor qiladi.
Davlat kafolatini berish toʻgʻrisidagi ariza koʻrmasdan qoldirilganligi haqidagi yozma (elektron) xabarnoma olganidan keyin qarz oluvchi-rezident tomonidan kiritilgan ariza yangitdan kiritilgan deb hisoblanadi va umumiy asoslarda taqdim etiladi.
Qarz oluvchi-rezidentlar vakolatli organga taqdim etilgan hujjatlardagi axborotning notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilganligi uchun javobgar boʻladi.
Vakolatli organ qarz oluvchi-rezidentlarning arizalarini va ularga ilova qilingan hujjatlarni oʻrganib chiqib, davlat kafolatini berish tartibida belgilangan muddatda pul oqimlarining tahlilini, qarz oluvchi-rezidentning loyihani amalga oshirish uchun moliyaviy jihatdan qodirligini, loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq xatarlarni va loyihaning hayotiyligini baholaydi hamda davlat kafolatini berishning maqsadga muvofiqligi yoki maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xulosa kiritadi, shuningdek bu haqda qarz oluvchi-rezidentni yozma (elektron) shaklda xabardor qiladi.
Vakolatli organning davlat kafolati berilishining maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosasisiz davlat kafolatini berish taqiqlanadi.
