40-modda. Suveren xalqaro obligatsiyalar
Davlat qarzi toʻgʻrisida (O‘RQ-836-son) · Sana: 29.04.2023 · Amalda
Suveren xalqaro obligatsiyalar tegishli chet davlatning qonunchiligiga muvofiq chiqariladi va Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari oʻrtasida joylashtiriladi.
Vakolatli organ suveren xalqaro obligatsiyalarni quyidagi turlarda chiqarishi mumkin:
qatʼiy belgilangan stavkali obligatsiyalar;
oʻzgaruvchan stavkali obligatsiyalar;
diskont obligatsiyalar (nol kupon stavkali obligatsiyalar);
inflyatsiyaga bogʻlangan obligatsiyalar.
Vakolatli organ suveren xalqaro obligatsiyalarni qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa turlarda ham chiqarishi mumkin.
Suveren xalqaro obligatsiyalarni chiqarish, agar chet davlat qonunchiligida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan holda amalga oshiriladi.
Suveren xalqaro obligatsiyalarni chiqarish va joylashtirishni tashkil etuvchi xalqaro moliyaviy hamda yuridik maslahatchilarni, shuningdek fiskal, toʻlov, transfer va listing agentlarini tanlab olish hamda ularning xizmatlari uchun haqni tasdiqlash vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi. Bunda davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari qoʻllanilmaydi.
Vakolatli organ suveren xalqaro obligatsiyalarni chiqarish va joylashtirish jarayonida emissiya risolasini ishlab chiqadi. Emissiya risolasini ishlab chiqish uchun zarur boʻlgan axborot vakolatli organning soʻrovi asosida vazirliklar hamda idoralar tomonidan oʻz vaqtida va toʻliq hajmda taqdim etilishi kerak.
