3-modda. Asosiy tushunchalar
Davlat qarzi toʻgʻrisida (O‘RQ-836-son) · Sana: 29.04.2023 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
davlat kafolati — qarz oluvchi-rezident qarz shartnomasi shartlarini bajarmagan taqdirda yuzaga keladigan, Oʻzbekiston Respublikasining qarz beruvchi oldidagi qarzni toʻliq yoki qisman toʻlab berish majburiyati;
davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish — aktivlarni jalb etish boʻlib, ular boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining qarz oluvchi sifatidagi yoki qarz oluvchi-rezidentlarning kreditlarini (qarzlarini) toʻlashga kafil sifatidagi majburiyatlari yuzaga keladi;
davlat qarzi — Oʻzbekiston Respublikasining ichki mablagʻni va xorijdan mablagʻ jalb qilish natijasida yuzaga kelgan majburiyatlari;
davlat qarzini qayta moliyalashtirish — davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish vositasida davlat qarzini toʻlash;
qarz beruvchi — qarz shartnomasi boʻyicha aktivlar bergan yoki aktivlar berish niyatida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti yoki norezidenti (chet davlatlar, xalqaro tashkilotlar, xalqaro moliya institutlari va iqtisodiy institutlar, chet el hukumatlarining moliya tashkilotlari, chet el investorlari va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa norezidentlari);
qarz oluvchi — qarz beruvchidan qarz shartnomasi boʻyicha aktivlarni jalb qilgan yoxud aktivlarni jalb qilish niyatini hujjatlar bilan tasdiqlagan Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti (qarz oluvchi-rezident) yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi timsolida Oʻzbekiston Respublikasi.
