“247-modda. Ajrim, qaror ustidan berilgan kassatsiya shikoyati (protesti)
Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-833-son) · Sana: 26.04.2023 · Amalda
Birinchi instansiya sudining apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilgan ajrimi, qarori va apellatsiya instansiyasining ajrimi, qarori ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Ajrim, qaror ustidan berilgan kassatsiya shikoyati (protesti) ushbu bobda sudning hal qiluv qarorlari ustidan berilgan kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish uchun nazarda tutilgan tartibda kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan koʻriladi.
Kassatsiya instansiyasi sudi ajrim, qaror ustidan berilgan shikoyatni (protestni) koʻrib chiqish natijalariga koʻra quyidagilarga haqli:
1) ajrimni, qarorni oʻzgarishsiz qoldirishga, kassatsiya shikoyatini (protestini) qanoatlantirmasdan qoldirishga;
2) ajrimni, qarorni oʻzgartirishga yoki bekor qilishga va ishni yangidan koʻrishga yubormasdan yangi qaror qabul qilishga;
3) ajrimni, qarorni bekor qilishga va arizani, ishni koʻrib chiqish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishga;
4) apellatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi, apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish, apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrmasdan qoldirish, apellatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritishni tugatish, apellatsiya instansiyasi sudida ish boʻyicha ish yuritishni toʻxtatib turish haqidagi ajrimni bekor qilishga va apellatsiya shikoyatini (protestini), ishni apellatsiya instansiyasi sudiga koʻrib chiqish uchun yuborishga;
5) ayrim sud hujjatlarini bekor qilishga va ish boʻyicha ilgari qabul qilingan sud hujjatlaridan birini oʻz kuchida qoldirishga;
6) ajrimni, qarorni bekor qilishga va arizani (shikoyatni), ishni koʻrib chiqish uchun taalluqliligiga koʻra boshqa sudga yuborishga.
Birinchi instansiya sudining qarori ustidan ushbu Kodeksda belgilangan qoidalar boʻyicha berilgan kassatsiya shikoyati (protesti) ushbu bobda sudning hal qiluv qarorlari ustidan berilgan kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish uchun nazarda tutilgan tartibda kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan koʻriladi”;
