13-modda. Elektron raqamli imzo kalitining sertifikati
Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida (562-II-son) · Sana: 11.12.2003 · Amalda
Elektron raqamli imzo kalitining sertifikati elektron raqamli imzoning ochiq kaliti elektron raqamli imzoning yopiq kalitiga mosligini tasdiqlaydigan va elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasiga roʻyxatga olish markazi tomonidan berilgan hujjatdan iborat boʻladi.
Elektron raqamli imzo kalitining sertifikati elektron hujjat shaklida va qogʻoz hujjat shaklida tayyorlanishi mumkin.
Elektron raqamli imzo kalitining sertifikatida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasi boʻlgan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;
agar elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasi yuridik shaxsning vakili boʻlsa, shu yuridik shaxsning nomi;
uning tartib raqami va amal qilish muddati;
elektron raqamli imzoning ochiq kaliti;
elektron raqamli imzoning ochiq kalitidan foydalanishda yordam berishi mumkin boʻlgan elektron raqamli imzo vositalarining nomi;
mazkur sertifikatni bergan roʻyxatga olish markazining nomi va joylashgan manzili;
elektron raqamli imzodan foydalanish maqsadlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlari reyestrining elektron manzili.
Elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasi tashabbusi bilan elektron raqamli imzo kaliti sertifikatiga boshqa maʼlumotlar ham kiritilishi mumkin.
