10-modda. Elektron raqamli imzoning yopiq kaliti egasi
Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida (562-II-son) · Sana: 11.12.2003 · Amalda
Elektron raqamli imzoni yaratgan (elektron hujjatga imzo qoʻygan) va roʻyxatga olish markazi tomonidan uning nomiga elektron raqamli imzo kaliti sertifikati berilgan jismoniy shaxs elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasi boʻladi.
Elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasi:
elektron raqamli imzoning yopiq kalitidan foydalanish ustidan nazoratni taʼminlashi;
elektron raqamli imzo kaliti sertifikatini bergan roʻyxatga olish markaziga elektron raqamli imzoning yopiq kalitidan foydalanish rejimi buzilganligi yoki buzilishi ehtimoli borligi toʻgʻrisida xabar qilishi va elektron raqamli imzo kaliti sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turishni yoxud mazkur sertifikatni bekor qilishni talab qilishi;
oʻzi vakil boʻlgan yuridik shaxsning qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi toʻgʻrisida roʻyxatga olish markaziga xabar qilishi shart.
