7-modda. Auditorlik tashkilotining majburiyatlari
“Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (78-II-son) · Sana: 26.05.2000 · Amalda
Auditorlik tashkiloti auditorlik faoliyati bilangina shugʻullanishi mumkin hamda u:
auditorlik faoliyatini amalga oshirayotganida ushbu Qonun hamda boshqa qonun hujjatlarining talablariga rioya etishi;
auditorlik tekshiruvi oʻtkazishga doir shartnoma tuzishdan oldin buyurtmachining talabiga binoan auditorlik faoliyatini oʻtkazish huquqini beruvchi tegishli litsenziyani, auditor (auditorlar)ning malaka sertifikatini taqdim etishi;
xoʻjalik yurituvchi subyektning soʻroviga binoan auditorlik tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha qonun hujjatlarining talablari toʻgʻrisidagi, auditorning eʼtirozlari asoslanilgan qonun hujjatlarining normalari toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etishi;
auditorlik tekshiruvini amalga oshirishda olingan axborotning maxfiyligiga rioya etishi;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;
auditorlik hisobotida moliyaviy-xoʻjalik operatsiyalarining qonuniyligi buzilishi faktlarini hamda ularni bartaraf etish yuzasidan takliflarni aks ettirishi;
auditorlik xulosalari va hisobotlarining nusxalari auditorlik tashkilotida kamida besh yil saqlanishini taʼminlashi;
auditorlarning bir yilda bir marta malaka oshirish kurslaridan oʻtishlarini taʼminlashi;
auditorlik tashkilotlarini majburiy reyting baholash uchun auditorlarning respublika jamoat birlashmasi soʻroviga koʻra axborot taqdim etishi;
xoʻjalik yurituvchi subyektga uning mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari zarar yetkazganligini aniq tasdiqlab turgan faktlarni aniqlagan taqdirda bu haqda xoʻjalik yurituvchi subyektning rahbariyatiga (mulkdoriga) maʼlum qilishi hamda auditorlik hisobotiga tegishli qaydni kiritishi shart. Zarur hollarda auditorlik tekshiruvining natijalarini maʼlum qilish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qatnashchilarning (aksiyadorlarning) umumiy yigʻilishi chaqirilishini talab qilishi;
auditorlar ishining sifati nazorat qilinishini taʼminlashi shart.
Auditorlik tashkiloti zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
