5-modda. Auditorlik tashkiloti
“Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (78-II-son) · Sana: 26.05.2000 · Amalda
Auditorlik tashkiloti auditorlik faoliyatini amalga oshirish litsenziyasiga ega boʻlgan yuridik shaxsdir.
Auditorlik tashkilotlari oʻz faoliyatini amalga oshirishda mustaqildir.
Auditorlik tashkilotlari vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralari hamda boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari tomonidan tuzilishi mumkin emas.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi taqiqlanadigan boshqa shaxslar auditorlik tashkilotlarining muassislari boʻla olmaydilar.
Auditorlik tashkilotlari aksiyadorlik jamiyati koʻrinishidan tashqari, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan istalgan tashkiliy-huquqiy shaklda tuzilishi va oʻz faoliyatini quyidagi majburiy shartlarga rioya etgan holda amalga oshirishi mumkin:
auditorlik tashkiloti ustav kapitalining kamida ellik bir foizi mazkur auditorlik tashkilotining shtatdagi bir yoki bir necha auditoriga tegishli boʻlishi kerak (auditorlik tashkiloti — chet el auditorlik tashkilotining filiali yoki shoʻba korxonasi tuzilgan hollar bundan mustasno). Auditor faqat oʻzi ishlaydigan bitta auditorlik tashkilotining muassisi (ishtirokchisi) boʻlishi mumkin;
auditorlik tashkilotining shtat birligi tegishli malakaga ega boʻlgan shtatdagi auditorlarning eng kam soniga doir qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi kerak;
auditorlik tashkilotiga faqat mazkur auditorlik tashkiloti asosiy ish joyi boʻlgan auditor rahbar boʻlishi kerak;
auditor tashkilotining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ustav kapitali mavjud boʻlishi kerak.
Auditorlik tashkilotlari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak. Adliya vazirligi auditorlik tashkilotlarining davlat reyestrini yuritadi. Auditorlik tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va auditorlik tashkilotlarining davlat reyestrini yuritish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Auditorlik tashkilotlari auditorlik faoliyatini auditorlik xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiradi. Auditorlik xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma faqat auditorlik tashkiloti javobgarligining sugʻurta polisi mavjud boʻlgan taqdirda tuziladi.
