12-modda. Xoʻjalik yurituvchi subyektning auditorlik tekshiruvi oʻtkazilayotgandagi huquq va majburiyatlari
“Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (78-II-son) · Sana: 26.05.2000 · Amalda
Auditorlik tekshiruvidan oʻtkazilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyekt quyidagi huquqlarga egadir:
auditorlik hisoboti va auditorlik xulosasini olish;
buxgalteriya hisobini yuritish, moliyaviy hisobotni tuzish tartibi toʻgʻrisida hamda aniqlangan kamchiliklar va qoidabuzarliklarni toʻgʻrilash haqida auditorlardan maslahat va tavsiyalar olish.
Auditorlik tekshiruvidan oʻtkazilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyekt:
auditorlik tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilangan muddatlarda auditorlik tekshiruvini oʻtkazish uchun auditorga kerakli sharoitlarni yaratib berishi, unga zarur hujjatlarni taqdim etishi;
auditorlik tekshiruvi davomida aniqlangan buxgalteriya hisobini yuritish, moliyaviy hisobot tuzish qoidalari hamda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqish tartibi buzilishlarini bartaraf etishi shart.
Xoʻjalik yurituvchi subyekt ushbu Qonunga muvofiq amalga oshirilayotgan auditorlik tekshiruvini oʻtkazishdan bosh tortish yoki unga xalaqit berish maqsadlarida u yoki bu harakatlarni (harakatsizlikni) sodir etishga haqli emas.
Xoʻjalik yurituvchi subyekt qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va uning zimmasida oʻzga majburiyatlar boʻlishi mumkin.
