43-modda. Davlat ishtirokidagi korxonaning kuzatuv kengashi
Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-821-son) · Sana: 09.03.2023 · Amalda
Davlat ishtirokidagi korxonalarda kuzatuv kengashlari tashkil etiladi. Kuzatuv kengashi aʼzolari ushbu Qonunning 44-moddasida nazarda tutilgan tartibda tanlab olinadi va aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishining, muassisning qarori asosida uch yil muddatga saylanadi.
Davlat ishtirokidagi korxonaning kuzatuv kengashi aʼzolari oʻz huquqlarini amalga oshirishda va majburiyatlarini bajarishda korxona manfaatlarini koʻzlab harakat qiladi hamda qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Davlat ulushi boʻyicha kuzatuv kengashi aʼzosi boʻlgan shaxs davlat ishtirokidagi korxonalarning beshtadan ortiq kuzatuv kengashiga saylanishi mumkin emas, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashlariga kuzatuv kengashining mustaqil aʼzolari ham kiritiladi.
Davlat ishtirokidagi korxonaning kuzatuv kengashi majlislari zaruratga qarab, biroq har chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi.
Davlat ishtirokidagi korxonaning kuzatuv kengashi faoliyati samaradorligi ushbu Qonunning 40-moddasiga asosan oʻtkaziladigan korporativ boshqaruv tizimining joriy etilishini baholash natijalariga koʻra baholanadi.
Davlat ishtirokidagi korxona kuzatuv kengashining davlat ulushi boʻyicha saylangan aʼzolari oʻz vakolatlari doirasida kuzatuv kengashi majlislarida mustaqil ravishda qarorlar qabul qilish huquqiga ega. Mustaqil ravishda qarorlar qabul qilishga toʻsqinlik qiladigan holatlar yuzaga kelgan taqdirda mazkur shaxslar oʻz majburiyatlarini bajarishni rad etishi kerak.
Davlat ishtirokidagi korxonaning kuzatuv kengashi qoshida kuzatuv kengashi aʼzolari orasidan audit boʻyicha qoʻmita, tayinlovlar va haq toʻlash boʻyicha qoʻmita, xaridlar boʻyicha qoʻmita hamda zarur boʻlganda boshqa qoʻmitalar tashkil etilishi mumkin.
