42-modda. Davlat ishtirokidagi korxonaning yuqori boshqaruv organi
Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-821-son) · Sana: 09.03.2023 · Amalda
Quyidagilar davlat ishtirokidagi korxonaning yuqori boshqaruv organi hisoblanadi:
xoʻjalik jamiyati aksiyadorlarining (ishtirokchilarining) umumiy yigʻilishi.
Davlat ishtirokidagi korxona aksiyadorlarining (ishtirokchilarining) umumiy yigʻilishida davlat vakili — davlat ulushini ishonchli boshqarishni amalga oshiradigan investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchi yoki tegishli ishonchnomaga asosan davlat ulushi boʻyicha ovoz berish vakolatiga ega boʻlgan jismoniy shaxs ishtirok etadi.
Davlat ishtirokidagi korxonalar aksiyadorlarining (ishtirokchilarining) umumiy yigʻilishi kun tartibiga quyidagi masalalar kiritilayotganda kuzatuv kengashi ularni oldindan koʻrib chiqadi va kuzatuv kengashining davlat ulushi boʻyicha saylangan aʼzolari ular boʻyicha ovoz berish tartibi toʻgʻrisidagi takliflarni tegishincha davlat ulushiga nisbatan aksiyadorlar (ishtirokchilar) boʻlgan Agentlikka, maxsus vakolatli davlat organlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga taqdim etadi:
sof foydani taqsimlash va uning bir qismini dividendlarga yoʻnaltirish;
korxonani qayta tashkil etish yoki tugatish;
shuʼba va tobe xoʻjalik jamiyatlarini tashkil etish;
tashkiliy tuzilmani tasdiqlash;
korxonaning ijroiya organini saylash, tayinlash, yollash, uning vakolatlarini muddatidan oldin bekor qilish;
eʼlon qilingan aksiyalarning eng yuqori miqdorini belgilash;
aksiyalarni boʻlish va konsolidatsiyalash;
korxonaning ustav fondi (ustav kapitali) miqdorini koʻpaytirish yoki kamaytirish;
mulkni garovga berish;
yirik bitim tuzish yoki korxonaning affillangan shaxslari bilan bitimlar tuzish.
Agentlik, maxsus vakolatli davlat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishining kun tartibidagi, ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan masalalar boʻyicha ovoz berish tartibi toʻgʻrisidagi yozma koʻrsatmani davlat vakiliga yigʻilish oʻtkazilguniga qadar kamida bir kun oldin beradi. Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilmagan qolgan masalalar boʻyicha davlat vakili qonunchilikka va davlat mulkini ishonchli boshqarish shartnomasiga muvofiq mustaqil ravishda qarorlar qabul qiladi.
