32-modda. Davlat mulkini garovga berish
Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-821-son) · Sana: 09.03.2023 · Amalda
Davlat mulki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq yuridik shaxslarga garovga berilishi mumkin. Masʼuliyati cheklangan jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushini garovga berayotganda, agar jamiyat ustavida jamiyatning yoki uning ishtirokchilarining roziligini olish zarurligi nazarda tutilgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilinguniga qadar mazkur rozilikni olish talab etiladi.
Davlat mulkini garovga berish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan vakolatli shaxs (garovga beruvchi) va garovga oluvchi oʻrtasida tuziladigan garov shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
Ushbu Qonunning 19-moddasida nazarda tutilgan davlat mulkini, shuningdek ushbu Qonunning 35-moddasida koʻrsatilgan hollarda davlat mulkini garovga berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat mulkini jismoniy shaxslarning va nodavlat yuridik shaxslarning majburiyatlarini taʼminlash uchun garovga berish taqiqlanadi, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorida nazarda tutilgan hollar mustasno.
