31-modda. Davlat mulkini saqlash
Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-821-son) · Sana: 09.03.2023 · Amalda
Davlat mulki uning yaxlitligini va but saqlanishini taʼminlash uchun yuridik shaxslarga saqlashga topshirilishi mumkin.
Davlat mulkini saqlashga topshirish balansda saqlovchi va yuridik shaxs oʻrtasida tuziladigan davlat mulkini saqlash toʻgʻrisidagi shartnoma yoki davlat mulkini saqlash uchun qabul qilish haqidagi bitimga asosan amalga oshiriladi.
Davlat mulkini saqlash toʻgʻrisidagi shartnomada yoki davlat mulkini saqlash uchun qabul qilish haqidagi bitimda davlat mulkini saqlaganlik uchun haq toʻlanishi nazarda tutilishi mumkin.
Saqlovchi davlat mulkini saqlashda texnik normativlarga hamda uni saqlash va (yoki) muhofaza qilish shartlariga doir talablarga rioya etilishini taʼminlanishi shart.
Saqlovchi saqlash uchun qabul qilingan davlat mulkining yoʻqolganligi, kamomadi yoki shikastlanganligi uchun javobgar boʻladi. Agar saqlovchi davlat mulkining yoʻqolganligi, kamomadi yoki shikastlanganligi oʻziga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra sodir boʻlganligini isbotlasa, javobgarlikdan ozod qilinadi.
