5-modda. Davlat geodeziya nazoratining asosiy vazifalari
Geodeziya va kartografiya toʻgʻrisida (417-I-son) · Sana: 25.04.1997 · Amalda
Davlat geodeziya nazoratining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
geodeziya va kartografiyaga oid faoliyat bilan shugʻullanuvchi barcha subyektlar normativ-texnikaviy hujjatlar talablariga rioya etishi ustidan nazorat qilish;
Oʻzbekiston Respublikasining davlat chegaralari va hududi kartografiya xaritalari va boshqa hujjatlarda toʻgʻri aks ettirilishi ustidan nazorat qilish;
geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni roʻyxatga olish;
geodeziya punktlarini hisobga olish;
davlat kartografiya-geodeziya fondining ishlashini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasining oʻzgartishlar kiritib boriladigan maʼlumotnoma tariqasidagi xaritasini yuritish.
Davlat geodeziya nazoratining mansabdor shaxslari ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni tashkil qilish hamda amalga oshirish, shuningdek ana shu ishlarni va aerokosmik suratga olishlarni bajarish natijasida olingan materiallarni (maʼlumotlarni) jamlash, hisobga olish, saqlash, foydalanish va sotish tartibini buzish hollari aniqlanganida ularni bartaraf etishni talab qilish;
geodeziya va kartografiyaga oid faoliyat masalalari yuzasidan barcha zarur hujjatlar bilan tanishish uchun korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga kirish;
korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan ushbu Qonunda nazarda tutilgan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan axborotni olish.
Oʻzbekiston Respublikasida Davlat geodeziya nazorati toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tasdiqlanadi.
