62-modda. Navbatdagi ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida (O‘RQ-803-son) · Sana: 28.11.2022 · Amalda
Koʻchmas mulk obyektiga nisbatan navbatdagi ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi yozuvda ayni bir koʻchmas mulk obyektining oldingi ipotekalari toʻgʻrisidagi barcha yozuvlar haqida belgi qoʻyiladi.
Navbatdagi ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish ipoteka bilan taʼminlangan majburiyatning mazmuni navbatdagi ipoteka bilan almashtirilganda, shuningdek ipoteka predmetiga boʻlgan mulk huquqi yoki boshqa mulkiy huquqlar garovga qoʻyuvchidan boshqa shaxsga universal huquqiy vorislik tartibida yoki ushbu mol-mulk haq evaziga yoxud bepul tasarrufdan chiqarilganligi natijasida oʻtgan taqdirda amalga oshiriladi. Bu talabga rioya etilmagan taqdirda, ipotekaga oid majburiyatga kiritilgan oʻzgartishlar haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazishdan tashqari quyidagilarni amalga oshiradi:
davlat reyestriga ipoteka toʻgʻrisida, ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomaning davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanasi va tartib raqami haqidagi yozuvlarni, koʻchmas mulk obyektining yangi mulkdori huquqlarini tasdiqlovchi hujjatning (oldi-sotdi, hadya shartnomalari, meros toʻgʻrisidagi guvohnoma va boshqalar) rekvizitlarini kiritadi;
davlat reyestrining tegishli bandlaridagi dastlabki ipotekaga qoʻyuvchining huquqlarini cheklash (ularga shartlar belgilash) toʻgʻrisidagi avvalgi yozuvlarni belgilangan tartibda, ipoteka toʻgʻrisidagi yangi yozuvni hisobga olgan holda almashtiradi.
