61-modda. Ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida (O‘RQ-803-son) · Sana: 28.11.2022 · Amalda
Ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish chogʻida notarius yoki bank roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizaning, ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomaning, kredit shartnomasining yoki qarz shartnomasining elektron koʻchirma nusxasini taqdim etadi.
Ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish chogʻida, agar “Ipoteka toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, davlat reyestriga ipoteka bilan taʼminlangan majburiyat qiymati yoki uni aniqlash tartibi, shartlari va muddati haqidagi maʼlumotlar kiritiladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlar olingan kundan eʼtiboran bir ish kuni ichida ipoteka roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
Ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish chogʻida davlat reyestriga tegishli yozuvlar kiritiladi.
Ipotekaga oluvchi bilan ipotekaga qoʻyuvchi oʻrtasida garovga qoʻyilgan yoki shikastlangan mol-mulkni tiklash yoki almashtirish toʻgʻrisida kelishuv mavjud boʻlganda davlat reyestriga oʻzgartishlar kiritish ushbu kelishuv asosida amalga oshiriladi.
Qonun asosidagi ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish, agar qonunda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, ipoteka oʻz zimmasiga yuklatilayotgan shaxsning mulkiy huquqlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi.
Qonun asosidagi ipoteka alohida arizasiz va davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun haq toʻlanmagan holda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
