40-modda. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga doir harakatlar
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida (O‘RQ-803-son) · Sana: 28.11.2022 · Amalda
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga doir harakatlar quyidagi bosqichlarga muvofiq amalga oshiriladi:
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etilgan arizani va huquqni belgilovchi hujjatlarni qabul qilish;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarning ushbu Qonun talablariga muvofiqligini aniqlash;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligini tasdiqlash.
Chet el yuridik yoki jismoniy shaxslarining mulkida boʻlgan koʻchmas mulk realizatsiya qilingan taqdirda, bu koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish koʻchmas mulkni realizatsiya qilishdan olingan daromadlardan foyda soligʻi yuridik shaxs tomonidan yoki jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi jismoniy shaxs tomonidan toʻlanganidan keyin amalga oshiriladi, bundan koʻchmas mulk Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtgan yuridik shaxsga realizatsiya qilingan hollar mustasno.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan soliqlar toʻlanganligi haqidagi maʼlumotlar roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga davlat soliq xizmati organlari tomonidan axborot-kommunikatsiya tizimi orqali oʻsha kunda taqdim etiladi.
