39-modda. Koʻp yillik dov-daraxtlarga boʻlgan mulk huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida (O‘RQ-803-son) · Sana: 28.11.2022 · Amalda
Koʻp yillik dov-daraxtlarga boʻlgan mulk huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun quyidagi hujjatlar asos boʻladi:
1) koʻp yillik dov-daraxtlarga boʻlgan mulk huquqining yuzaga kelishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun:
qishloq xoʻjaligi organlarining koʻp yillik dov-daraxtlarni foydalanish uchun qabul qilish toʻgʻrisidagi dalolatnomasi;
tugatish komissiyasining fuqarolarga fermer xoʻjaliklari tashkil etish uchun qishloq xoʻjaligi kooperativlarining (fermer xoʻjaliklarining) bogʻlarini va tokzorlarini auksionda sotish toʻgʻrisidagi bayonnomasi hamda tuman (shahar) hokimi va ijarachi oʻrtasidagi shartnoma;
bogʻdorchilikka, uzumchilikka, ipakchilikka ixtisoslashgan xoʻjalik tashkil etish uchun yer uchastkalarini uzoq muddatli ijaraga berish toʻgʻrisida tuman (shahar) hokimi va ijarachi oʻrtasidagi shartnoma;
yer uchastkasini koʻp yillik dov-daraxtlar ekish huquqini berish uchun uzoq muddatli ijaraga berish toʻgʻrisidagi shartnomaga doir qoʻshimcha kelishuv;
oʻrmon fondi yerlarini ijaraga berish toʻgʻrisida davlat oʻrmon xoʻjaligini boshqarish organlari va ijarachi oʻrtasidagi shartnoma;
2) koʻp yillik dov-daraxtlarga boʻlgan mulk huquqining boshqa shaxsga oʻtishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun:
koʻp yillik dov-daraxtlarning oldi-sotdisiga oid notarial tartibda tasdiqlangan shartnoma;
lizing toʻlovlari toʻliq toʻlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma bilan notarial tartibda tasdiqlangan lizing shartnomasi;
koʻp yillik dov-daraxtlarni hadya etish toʻgʻrisidagi notarial tartibda tasdiqlangan shartnoma;
koʻchmas mulkni ayirboshlash toʻgʻrisidagi notarial tartibda tasdiqlangan shartnoma;
meros qilib olish huquqi toʻgʻrisidagi va er-xotinning umumiy mulkida boʻlgan koʻp yillik dov-daraxtlarning tegishli qismiga boʻlgan mulk huquqi toʻgʻrisidagi notarial tartibda tasdiqlangan guvohnoma;
sud qarorlarini va boshqa organlarning qarorlarini ijro etish chogʻida koʻchmas mulkni realizatsiya qilish boʻyicha auksion yakunlari toʻgʻrisidagi bayonnoma;
sudning qarori yoki davlat ijrochisining qarori yoxud koʻp yillik dov-daraxtlarni berish toʻgʻrisida undiruvchi va qarzdor oʻrtasida tuzilgan, davlat ijrochisi tomonidan tasdiqlangan dalolatnoma.
