37-modda. Qurilishi tugallanmagan obyektlarga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida (O‘RQ-803-son) · Sana: 28.11.2022 · Amalda
Ajratilgan yer uchastkasida tasdiqlangan loyiha hujjatlariga muvofiq qurilishi boshlangan, lekin koʻrsatilgan muddatda tugallanmagan yoki qurilishi tugallangan, biroq qurilishni (rekonstruksiya qilinishni) qabul qilib olish dalolatnomasi (foydalanish uchun ruxsatnoma) asosida foydalanish uchun qabul qilib olinmagan binolar va inshootlar qurilishi tugallanmagan obyektlardir.
Qurilishi tugallanmagan obyektlarga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, agar tegishli loyiha tashkiloti bu obyektlarning qurilishi boshlanganligini tasdiqlasa, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan amalga oshiriladi. Bunda binoning va inshootning poydevorini hamda birinchi qavati devorlarini tiklash yakunlanganligi qurilishni boshlangan deb topish uchun asos boʻladi.
Qurilishi tugallanmagan obyektlarga boʻlgan huquqlar bu obyekt joylashgan yer uchastkasiga boʻlgan huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin va loyiha tashkilotining mazkur obyektning qurilishi shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq tasdiqlangan shaharsozlik loyihasi asosida boshlanganligini tasdiqlovchi maʼlumotnomasi asosida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Elektron onlayn-auksion orqali investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan olingan yer uchastkalarida, shuningdek oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida joylashgan qurilishi tugallanmagan obyektlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaydi.
