3-modda. Asosiy tushunchalar
Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari toʻgʻrisida (554-II-son) · Sana: 11.12.2003 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
iqtisodiyot tarmogʻi — Oʻzbekiston Respublikasining oʻxshash tovar ishlab chiqaruvchilarining barchasi yoki Oʻzbekistonda shunday tovar ishlab chiqarish umumiy hajmida ulushi asosiy qismni tashkil etadigan ishlab chiqaruvchilarning jami;
iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zarar — Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga tovar importi koʻpayganligi, demping narxlaridagi tovar importi yoki subsidiya bilan taʼminlangan tovar importi oqibatida iqtisodiyot tarmogʻining ishlab chiqarish, savdo va moliyaviy koʻrsatkichlari sezilarli darajada pasayganligi yoxud iqtisodiyot tarmogʻi rivojlanishida surʼat sezilarli darajada susayganligi;
iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazilishi xavfi — iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazilishi muqarrar ekanligining dalillar bilan tasdiqlanganligi;
odatdagi savdo jarayoni — tovarning uni ishlab chiqaruvchi mamlakat yoki eksport qiluvchi mamlakatning ichki bozorida oʻrtacha olingan tannarxi va oʻrtacha foyda normasidan yoki oʻxshash sharoitdagi uchinchi mamlakatdan Oʻzbekiston Respublikasiga import qilinadigan oʻxshash tovarlarga taqqoslama narxlardan tarkib topadigan narxdagi oldi-sotdisi;
oldingi davr — tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza topshirilgan kunga qadar kechgan hamda zaruriy statistika maʼlumotlari boʻlgan soʻnggi uch yil;
oʻxshash tovar — qanday vazifa bajara olishi va nimaga moʻljallanganligi, qoʻllanilishi, sifat va texnik xususiyatlariga, shuningdek boshqa asosiy xossalariga koʻra import qilinayotgan tovar bilan batamom bir xil boʻlgan yoki bunday tovar bilan taqqoslab boʻladigan tovar.
